Toshkentda chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xususiy investorga topshirilishi mumkin

Qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, saralash va qayta ishlash ishlarini tashkil etishga 3 trln so‘mdan ortiq mablag‘ jalb qilish rejalashtirilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 17 okt — Sputnik. Toshkent shahrida maishiy chiqindilarni to‘plash, saralash, olib chiqish va qayta ishlash vazifalarini davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida investorga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Poytaxt hokimligi tegishli qaror loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan.
Investitsiya loyihasi to‘g‘risidagi bitim 30-yilga tuziladi. Investor uni amalga oshirish uchun boshqaruv kompaniyasini tashkil etadi.
Maxsus texnikalarni, bino-inshootlari, chiqindi yig‘ish maydonlari, chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari va Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan yangi maishiy chiqindi poligonini barcha mol-mulklari bilan birga xususiy sherikka vaqtinchalik foydalanishga berish rejalashtirilmoqda.
2024 yil oxiriga qadar kamida 300 mlrd so‘mga quyidagilarni bajarishi kerak:
3 ta qattiq maishiy chiqindilarni saralash markazlari tashkil etish;
“Ohangaron” poligoni hududida biogaz ishlab chiqarib, elektr energiyasi olish stansiyasini barpo etish;
maxsus chiqindi yig‘ish yuk mashinalari, chiqindi yig‘ish konteynerlari xarid qilish;
chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarini rekonstruksiya qilish hamda avtotransport filiallarini ta’mirlash.

2-bosqichda 2025-2051 yillarda Toshkent shahrida qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, saralash va qayta ishlash ishlarini tashkil etishga kamida 3 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirish majburiyatini oladi. Chiqindilarni qayta ishlash darajasini amaldagi 8%dan kamida 60% ga yetkazilishi kerak.

2023 yildan boshlab barcha tumanlarda chiqindilarni bosqichma-bosqich “qayta ishlanadigan”, “qayta ishlanmaydigan”, “organik”, “xavfli maishiy chiqindilar” va boshqa toifalarga ajratgan holda yig‘ish tizimini joriy etadi.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilar oldiga joriy yilda maishiy chiqindi to‘plash qamrovini 95 foizga, qayta ishlash hajmini 40 foizga, xususiy sektor ulushini 50 foizga yetkazish vazifasini qo‘ygan edi.