O‘zbekiston aholisiga bir kunda qancha baliq yetkazib berilmoqda?

O‘zbekistonliklarga baliq sotish mavsumida bir kunda o‘rtacha 110-130 tonnagacha baliq yetkazib berilmoqda, deydi Zilola Ro‘ziyeva.
Sputnik
TOShKENT, 15 okt - Sputnik. O‘zbekiston hududlaridagi mavjud bozorlarda baliq sotish mavsumida jami 282 ta savdo nuqtalari tashkil etilgan bo‘lib, ushbu savdo nuqtalari orqali aholiga bir kunda o‘rtacha 110-130 tonnagacha baliq yetkazib berilishi ta’minlanmoqda. Bu haqda "O‘zbekbaliqsanoati" uyushmasi matbuot kotibi Zilola Ro‘ziyeva kecha bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar hokimligi bilan manzilli dastur tasdiqlangan bo‘lib, ushbu dasturga asosan shahar hokimligi tomonidan 12 ta dehqon bozorlari va ularning shoxobchalarida baliq savdosiga ixtisoslashgan savdo nuqtalari tashkil etish uchun 54 ta joylar ajratilgan.
Mazkur joylarda baliq yetishtiruvchi va qayta ishlovchi xo‘jalik yurituvchi subyektlari tomonidan o‘z mablag‘lari evaziga yengil konstruksiyali zamonaviy ko‘rinishga ega akvariumli savdo nuqtalari tashkil etilgan. Hozirda qolgan joylar bo‘yicha bosqichma-bosqich qayta rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Toshkent shaxridagi dehqon bozorlari va ularning shoxobchalarida mavsumda tashkil etilgan baliq savdosiga ixtisoslashgan savdo joylari orqali aholiga bir kunda 15 tonnadan 20 tonnagacha sifatli va arzon tirik baliq yetkazilib kelinmoqda.
Bugungi kunda yigirmadan ortiq yirik tashkilot va korxonalarda tashkil etiladigan bayram oldi savdo yarmarkalarida maxsus tirik baliq tashishga ixtisoslashgan avtotransport vositalarida baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan sifatli va arzon tirik baliq savdolari tashkil etilib kelinmoqda. Bunda har bir tashkilot va korxonalarga 1 tonnadan 1,5 tonnagacha hajmda tirik baliq keltirilib sotilmoqda.
“Birgina Toshkent shahri misolida ko‘rishimiz mumkinki, baliq yetishtiruvchi va qayta ishlovchi xo‘jalik yurituvchi subyektlari tomonidan bozorlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aholiga tirik baliq savdosining tashkil etilishi orqali baliq narxlarining oshib ketmasligiga va sotilayotgan baliq hajmining ortishiga erishilmoqda”, - deydi Zilola Ro‘ziyeva.