Maktab direktorlaridan ta’limni rivojlantirish bo‘yicha 170dan ortiq taklif kelib tushdi - XTV

Unda asosan ta’lim jarayonlarini yaxshilash, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish, maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash yuzasidan murojaatlar yo‘llangan.
Sputnik
TOShKENT, 14 okt — Sputnik. Maktab direktorlaridan ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha 170 dan ortiq takliflar kelib tushdi. Bu haqida Xalq ta’limi vazirligi xabar berdi.
Aytilishicha, maxsus @direktor_murojaati_bot botiga o‘tgan ikki hafta davomida maktab rahbarlaridan bir qator murjaat va takliflar kelib tushdi.
Unda asosan ta’lim jarayonlarini yaxshilash, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish, maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash yuzasidan murojaatlar yo‘llangan.
Ayni vaqtda vazirlik mutasaddilari va hududiy xalq ta’limi boshqarmalari ushbu murojaatlarni manzilli o‘rganib chiqmoqda.
Ma’lumot uchun, mazkur bot maktablarda mavjud tizimli muammolarni o‘rganish va ularni hal etib borish orqali ta’lim-tarbiya jarayonlarini yaxshilash maqsadida ishga tushirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi qoshidagi ishchi guruh ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy dasturlar, yangi o‘quv qo‘llanmalarini yaratish ishlarini boshlagandi. Unga ko‘ra, birinchi sinfdan to ikkinchi sinfgacha bo‘lgan barcha o‘quv mahsulotlari aprobatsiya uchun tanlab olingan.