TOShKENT, 13 okt — Sputnik. Hukumatning “Qurilish sohasiga oid talablarni soddalashtirish hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda Norma.uz.
Hujjatga muvofiq, 2023-yilning 1-yanvaridan:
"Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonun doirasida amalga oshiriladigan qurilish-montaj, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlarining loyiha-smeta hujjatlaridagi qiymati smeta-resurs normalari asosida shakllantiriladi;
qurilish-montaj, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlarini o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun smeta-resurs normalari tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘ladi;
qurilish reglamentlari hamda smeta-resurs normalari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar jumlasiga kirmaydi hamda ularni Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazish talab etilmaydi;
shaharsozlik normalari va qoidalari (keyingi o‘rinlarda – ShNQ) har 3-4 yilda qayta ko‘rib chiqiladi va zaruratga ko‘ra yangilab boriladi;
qurilish materiallari va jihozlariga oid standartlar faqat qurilish vazirligi tomonidan qabul qilinadi;
quyidagi xorijiy normativ hujjatlar asosida ishlab chiqilgan hamda xorijiy davlatlarda ekspertizadan o‘tkazilgan loyihalarning tegishli qismlari O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi va ushbu qismlar bo‘yicha mahalliy ekspertiza organlaridan ekspertizadan o‘tkazilmaydi:
T/r | Normativ hujjatlar nomi |
1. | Yevrokodlar (European Codes, ES) |
2. | Britaniya standartlari (British Standards, VS) |
3. | Xitoy milliy qurilish standartlari(GB, CJ, JC, JG va boshqalar) |
4. | Koreya qurilish kodlari(Korean building code, KVS) |
5. | Rossiya Qurilish meyorlar va qoidalar (SNiP) |
6 | AQSh xalqaro qurilish kodlari(International building code, IBC) |
7. | Yaponiya milliy standartlari(Japanese Industrial Standards, JIS) |
Qurilish vazirligiga "Qurilish reglamentlari" va "Smeta-resurs normalari"ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, ularning yangilarini qabul qilish yoki ahamiyatni yo‘qotganlarini bekor qilish huquqi berilmoqda.
Shuningdek, hujjat bilan quyidagilar tasdiqlanmoqda:
2023 yilda o‘zaro umumlashtiriladigan shaharsozlik normalari va qoidalari ro‘yxati (44 ta ShNQ 14 ta ShNQga umumlashtiriladi);
2023 yilda o‘zaro birlashtiriladigan qurilish ishlari uchun "Smeta-resurs normalari" to‘plamlari ro‘yxati (35 ta to‘plam 16 taga birlashtiriladi);
2023 yil 1-yanvardan majburiyligi bekor qilinadigan va "Qurilish reglamentlari" toifasiga o‘tkaziladigan 30 ta ShNQ ro‘yxati;
2023 yil 1-yanvardan majburiyligi bekor qilinadigan va ma’lumotnoma toifasiga o‘tkaziladigan 76 ta ShNQ ro‘yxati;
2023 yil 1-yanvardan majburiyligi bekor qilinadigan va qurilish ishlari uchun "Smeta-resurs normalari" toifasiga o‘tkaziladigan 46 ta ShNQ ro‘yxati.