O‘zbekiston va Vyetnam elektronika ishlab chiqarishda hamkorlik qilmoqchi

O‘zbekiston prezidenti va Vyetnam vitse-prezidenti o‘zaro manfaatli hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qilishdi.i.
Sputnik
TOShKENT, 13 okt — Sputnik. O‘zbekiston va Vyetnam avtomobillar uchun butlovchi qismlar va elektronika ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vyetnam vitse-prezidenti Vo Txi An Suan bilan uchrashuvi chog‘ida ma’lum qilindi.
Ostonadagi Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHIChK) sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida sholichilik, paxtachilik, go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlash, kimyo va to‘qimachilik mahsulotlarini, avtomobillar uchun butlovchi qismlar va elektronika ishlab chiqarish kabi istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik qilish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlar qayd etildi.
Yaqin oylarda ekspertlar darajasida o‘zaro tashriflar o‘tkazilishi, Hukumatlararo komissiya faoliyati qayta tiklanishi hamda O‘zbekiston-Vyetnam Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilishi yuzasidan kelishib olindi.
Ta’kidlanishicha, bu ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Tomonlar parlamentlararo munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, ta’limga oid va boshqa qo‘shma gumanitar dasturlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratishdi.