TOShKENT, 13 okt — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bugun Ostona shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHIChK) sammitida global siyosatdagi hozirgi o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda Sputnik Qozog‘iston xabar berdi.
“Dunyo haqiqatdan ham ko‘p qutbli bo‘lib bormoqda. Yangi kuch markazlari kuchayib borayotgan Osiyo bunda juda sezilarli, balki asosiy rol o‘ynamoqda", - dedi Rossiya rahbari.
Vladimir Putinning ta’kidlashicha, Rossiya boshqa Osiyo davlatlari bilan birgalikda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari, BMT Nizomi asosida teng, bo‘linmas xavfsizlik tizimini shakllantirish uchun hamma narsani qilmoqda.
Rossiya prezidenti o‘z nutqida Afg‘onistonning noqonuniy muzlatib qo‘yilgan mablag‘larini qaytarish va ishg‘ol yillarida mamlakatga yetkazilgan zararni qoplashga chaqirdi.
“Biz ishg‘ol yillarida afg‘onlarga yetkazilgan zararni qoplashga va noqonuniy muzlatilgan afg‘on mablag‘larini qaytarishga chaqiramiz”, - dedi u.
Ma’lumot uchun, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashi 1992-yilda Qozog‘iston tashabbusi bilan tashkil etilgan davlatlararo forum bo‘lib, uning faoliyati muloqot uchun sharoit yaratish, qarorlar qabul qilish va Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash sohasida chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan.
O‘zbekiston, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Bahrayn, Bangladesh, Vyetnam, Misr, Isroil, Hindiston, Iordaniya, Iroq, Eron, Qozog‘iston, Qatar, Kambodja, Xitoy, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, BAA, Pokiston, Falastin, Rossiya, Tojikiston, Tailand, Turkiya, Shri-Lanka Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashining doimiy a’zolari hisoblanadi.
Kengashda kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar: Belarus, Indoneziya, Malayziya, AQSh, Ukraina, Filippin, Yaponiya, Laos va Turkmaniston.