G‘arb KXShTni yo‘q qilish uchun jiddiy choralar ko‘rmoqda – Belarus DXQ

Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisining aytishicha, G‘arb KXShTni yo‘q qilish uchun jiddiy choralar ko‘rmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 13 okt — Sputnik. G‘arb Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)ni qulatish uchun jiddiy choralar ko‘rmoqda. Bu haqda Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (DXQ) raisi general-leytenant Ivan Tertel ma’lum qildi, deya xabar berdi RIA Novosti.
Qayd etilishicha, Belarus kuch bloki rahbariyati davlat rahbari nomidan butun mamlakat bo‘ylab mehnat jamoalari bilan ko‘rishmoqda. Xususan, bugun "Belaruskaliya" xodimlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

"Maqsadlari (kollektiv G‘arbning- tahr.) oddiy – bizning geosiyosiy ustuvorliklarimizni o‘zgartirish va Sharqiy Yevropaning sun’iy yo‘ldosh mamlakatlari bilan tenglashtirish. Shuni ta’kidlaymizki, G‘arbning e’tibori postsovet hududida raqobatchi yaratish maqsadlarini amalga oshirilishining oldini olishga qaratilgan. Aslida, KXShTning qulashiga qaratilgan jarayon mavjud, Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi kabi integratsiyaning shakllanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun jiddiy choralar ko‘rilmoqda", - deydi Ivan Tertel.

Ma’lumot uchun, 1992-yil 15-may sanasida sobiq sovet respublikalari o‘rtasida Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi va u 1994-yilning 20-aprelidan boshlab kuchga kirdi.
KXShTning vazifasi qo‘shin va yordamchi bo‘linmalarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan shartnomada ishtirok etadigan mamlakatlarning hududiy-iqtisodiy makonini har qanday tashqi harbiy va siyosiy tajovuzkorlardan, xalqaro terrorchilardan, shuningdek keng ko‘lamli tabiiy ofatlardan himoya qilishdan iborat. Bugungi kunda ushbu tashkilotga 6 davlat: Rossiya, Belarus, Armaniston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo.