TOShKENT, 12 okt — Sputnik. Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida sayyohlardan chiqindi qabul qiladigan ekopunkt tashkil etildi. Bu haqida Turizm va madaniy meros vazirligi xabar berdi.
Ekopunktda chiqindilarni qanday topshirish va bu tashabbus uchun qanday sovg‘alar olish mumkinligi haqida ma’lumot beruvchi banner ham o‘rnatilgan.
“Ekopunktlar chiqindilarning kamayishiga munosib hissa qo‘shadi. Bo‘stonliq tumaniga bir dam olish kunida 45 mingdan ortiq odam tashrif buyuradi. Har bir kishi hech bo‘lmasa bir dona shisha yoki yegulik o‘ramini topshirsa, bu chiqindiga qarshi kurashdagi g‘alabadir”, deydi “Chorvoq” TRZ direksiyasining strategik hamkorlik va xalqaro tashkilotlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Alina Abdurazzoqova.
Bo‘stonliq tumanida dam olgandan so‘ng, yon-atrofdagi chiqindilarni yig‘ib, ularni topshirganlarga ramziy sovg‘alar beriladi.
Chiqindi topshirganlik uchun (ruchka yoki bloknot);
O‘zingizning va boshqalarning chiqindisi uchun (aksiya homiylaridan kepka yoki futbolka);
Saralangan chiqindi uchun (professional instruktorlar bilan Ugam darosida rafting).
Qayd etilishicha, Ugam darosida rafting uchun 15 foizlik chegirma beriladi.
Ushbu ekopunkt Bo‘stonliq tumanining Qoronko‘l posolkasida, Qoronko‘l masjidi qarshisida joylashgan.