TOShKENT, 11 okt — Sputnik. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Yevropa Ittifoqining (YeI) tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelga Ukraina atrofidagi butun inqirozni Brussel “o‘zi, o‘z qo‘llari bilan yasaganini” eslatdi.
Zaxarova shu tariqa YeI diplomatiya rahbari Jozep Borrelning Yevropa farovonligi “Rossiyaning arzon energiyasiga asoslangani” va YeI iqtisodiyoti endi jiddiy qayta qurishlarga muhtojligi haqidagi so‘zlariga munosabat bildirgan.
“YeI diplomatiya rahbari Yevroittifoq bularning baridan AQSh manfaatlari yo‘lida ishlagan o‘zining siyosiy elitasi va ko‘p sonli Yevropa amaldorlari armiyasi sabab mahrum bo‘lganini qo‘shimcha qilishni unutdi. Ukraina atrofidagi butun inqirozni Brussel o‘zi, o‘z qo‘llari bilan yasadi”, - deya yozdi Rossiya TIV rasmiy vakili o‘zining telegram kanalida.
Shuningdek, diplomat o‘z postiga Yevropa diplomatiyasining sobiq rahbari, Buyuk Britaniya vakilasi Ketrin Eshton suratini ilova qilgan.
“Janob Borrel, Ukrainada YeI va AQShning bevosita aralashuvi bilan sodir etilgan konstitutsiyaga qarshi davlat to‘ntarilishi vaqtida maydanda vaqtichog‘liq qilayotgan o‘tmishdoshingiz suratini esdalikka olib qo‘ying”, - deya yozgan Zaxarova.