O‘zbekiston diplomatik aloqa o‘rnatgan davlatlar soni 142 taga yetdi

O‘zbekiston Gayana Kooperativ Respublikasi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi.
Sputnik
TOShKENT, 11 okt — Sputnik. Gayana Kooperativ Respublikasi O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 142-davlat bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 10-oktabr kuni Nyu-York shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Gayana Kooperativ Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommunike imzolangan.
Ikki davlat hukumati nomidan hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov va Gayana Kooperativ Respublikasining BMTdagi doimiy vakili Karolayn Rodriges Birket imzolagan.
Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo‘shma hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqlagan. Hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini izlash uchun ikki tomonlama aloqalarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
“Hujjatning imzolanishi O‘zbekistonning Janubiy Amerika davlatlari bilan o‘zaro hamkorligini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi”, - deyiladi xabarda.