TOShKENT, 11 okt — Sputnik. Ukrainada tinchlik faqat Rossiya va AQSh o‘rtasidagi muzokaralar asosida bo‘lishi mumkin. Bu haqda Vengriya bosh vaziri Viktor Orban ma’lum qildi.
“Sulh Rossiya va Ukraina o‘rtasida emas, balki Vashington va Moskva o‘rtasida tuzilishi kerak. Bu mojaro Rossiya-Ukraina muzokaralari orqali tugatiladi, deb o‘ylagan odam bu dunyoda yashamayapti. Voqelik aslida boshqacha”, - dedi Orban.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina harbiy harakatlarni faqat Amerika harbiy yordami bilan davom ettirishi mumkin. Uning fikricha, Ukraina hududidagi mojaro amerikaliklar shunday bo‘lishini xohlagani uchun bo‘ldi.
“Shuning uchun amerikaliklar rossiyaliklar bilan muzokara olib borishiga to‘g‘ri keladi. Ana shunda mojaro tugaydi”, - deb hisoblayd Vengriya bosh vaziri.
U, shuningdek, AQSh prezidenti Jo Baydenni Amerika tomonidan munosib muzokarachi deb hisoblamasligini aniq aytdi.
“Mening aytganlarim shafqatsiz bo‘lib tuyuladi. Lekin tinchlikka umid – Donald Trampning ismidir”, - deya xulosa qildi Orban.
Rossiya 24-fevral kuni Ukrainada maxsus harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin ushbu operatsiyaning maqsadi sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan tahqirlangan va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilish deb atagan.
Buning uchun Ukrainani demilitarizatsiya (harbiy infratuzilmalarini yo‘q qilish) va denatsifikatsiya (millatchilik g‘oyalaridan tozalash) qilish talab etiladi.