Mirziyoyev Tatariston rahbari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishni muhokama qildi

O‘zbekiston va Tatariston texnik ixtisosliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi dasturlarni amalga oshirishga kelishib oldi.
Sputnik
TOShKENT, 11 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tatariston rahbari Rustam Minnixanov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, uchrashuvda Tatariston bilan amaliy sheriklikni kengaytirish va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida qo‘shma innovatsion loyihalarni ilgari surish masalalari har tomonlama ko‘rib chiqildi.
Yetakchi korxona va kompaniyalar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning ilk natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Toshkent viloyatidagi “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki doirasida kooperatsiya ko‘lami kengayib bormoqda. Xususan, 16 ta investitsiya loyihasi tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda.
Qabul qilingan “yo‘l xaritasi”ga muvofiq mashinasozlik tarmog‘ida, yangi turdagi kimoviy mahsulotlar ishlab chiqarish borasida, kichik tonnajli kimyo va neftni qayta ishlash, agrar sanoat, IT sohalarida kooperatsiyani kuchaytirish va loyihalarni ilgari surish istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston hududlarida, shu jumladan Jizzax va Toshkent viloyatlarida qo‘shma biznes loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’limga oid, texnik ixtisosliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi dasturlarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tatariston rahbari Rustam Minnixanov O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgani xabar qilingan edi. Minnixanov Jizzax shahrida Qozon federal universitetining (QFU) Jizzax filialining ochilish marosimida ishtirok etdi.