TOShKENT, 11 okt — Sputnik. Amerika tomoni de-fakto allaqachon Ukrainadagi mojaroda ishtirok etmoqda va Kiyev rejimni qurol-yarog‘ bilan ta’minlamoqda. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov "Rossiya-1" telekanali dasturiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“O‘ylaymanki, de-fakto amerikaliklar allaqachon bu urushda ishtirok etishmoqda. Ular nafaqat Zelenskiy (Ukraina prezidenti) va uning rejimini qurol-yarog‘ bilan ta’minlashapti, ular sun’iy yo‘ldoshlardan olingan razvedka ma’lumotlarini ham taqdim etishmoqda”, - dedi Lavrov AQSh prezidenti Jo Baydenning Kiyevni mudofaa uchun barcha zaruriy narsalar, jumladan, havo hujumiga qarshi tizimlar bilan ta’minlashda yordam berishda davom etishi haqidagi va’dalariga munosabat bildirayotib.
Rossiya TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, tijorat sun’iy yo‘ldoshlari ham Kiyev neonatsist rejimining harbiy rejalariga ko‘maklashmoqda.
AQShning muzokaralar uchun takliflari
Lavrov Moskva Vashingtondan Ukraina bo‘yicha muzokaralar uchun jiddiy takliflar olmaganini qayd etdi. Shu bilan birga u Amerika tomonining Rossiya go‘yoki Ukraina bo‘yicha muzokaralardan bosh tortayotgani haqidagi bayonotlarini yolg‘on deb atadi.
4 oktabr kuni Kiyev Moskva bilan muzokaralardan rasman bosh tortdi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukrainaning Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazishning iloji yo‘qligi to‘g‘risidagi qarorini amalga kiritdi.
Bu Rossiya prezidenti Vladimir Putin 30-sentabr kuni Kiyevni zudlik bilan harbiy harakatlarni bas qilish va muzokaralar stoliga qaytishni chaqirganidan keyin ro‘y berdi. Rossiya hukumati mojaroni tinchlik yo‘li bilan hal qilish uchun muzokaralarga tayyorligini takrorlab keladi, Ukraina esa muzokaralardan bosh tortib kelmoqda.
Rossiya-Ukraina muzokaralari
Rossiya-Ukraina muzokaralari 28-fevralda, urush boshlaganidan to‘rt kun o‘tib o‘tkazila boshladi. Belarusda bir nechta uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, keyin muzokarachilar video aloqa orqali muloqotni davom ettirdi. 10-mart kuni Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan diplomatik forum doirasida Turkiya Rossiya va Ukraina Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitriy Kulebaning uchrashuvini tashkil qildi. 29-mart kuni esa Istanbulda yuzma-yuz muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uning yakunlari bo‘yicha Rossiya delegatsiyasi Ukraina tomonidan o‘rganib chiqiladigan va mamlakat rahbariyatiga yetkaziladigan aniq shakllangan pozitsiya va takliflarni oldi.
Biroq, keyinroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina muzokaralar jarayonini sekinlashtirish maqsadida o‘z takliflaridan voz kechib, ko‘plab provokatsiyalar yaratayotganini aytdi.