TOShKENT, 11 okt - Sputnik. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida elektromobillar tarmog‘ini rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish qamrovini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda “O‘zavtosanoat” AJ ushbu sohada xorijiy kompaniyalar bilan erishilgan kelishuvlar va o‘zlashtirilishi kutilayotgan modellar haqida axborot berdi. Shuninglek elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish, butlovchi qismlarni mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi.
– Elektromobillar kundalik hayotimizga jadal kirib borapti. Import oshapti. Nima uchun? Chunki talab bor. Bunday mashinalarning xarajati kam. Eng muhimi, odamlarimiz shuni ma’qul ko‘rapti. Shunday ekan, xalqimizga zamonaviy elektromobillar yetkazib berishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, prezident elektrombillarning narxi arzon bo‘lishi kerakligiga alohida e’tibor qaratdi. Bu esa butlovchi qismlarning mahalliylashtirilganlik darajasiga bog‘liq.
Misol uchun, elektromobil tannarxining 30 foizini akkumulyator, 10 foizini elektr o‘tkazgichlar tashkil qiladi. Yurtimiz zaminidagi litiy, mis, grafit kabi xomashyo zaxiralaridan foydalanib, bunday qismlarni bemalol o‘zimizda ishlab chiqarish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, mahalliy elektromobil xaridi uchun olingan kredit foizining bir qismi qoplab berilishi belgilandi.
Elektromobillarga xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini kengaytirish maqsadida kelgusi ikki yilda joylarda ikki mingta quvvatlash stansiyalari tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Bu stansiyalarga ham yer, mulk va foyda solig‘idan imtiyoz qo‘llaniladi. Tadbirkorlarga quvvatlash stansiyalari orqali elektrni erkin narxda sotish huquqi beriladi.
Bu tarmoqqa ixtisoslashgan mutaxassislar tayyorlash muhimligi ham ta’kidlandi. Turin politexnika universitetida elektromobillar bo‘yicha ilmiy laboratoriya tashkil etilishi, professor-o‘qituvchi va mutaxassislar Xitoy, Germaniya, AQSh, Koreya kabi davlatlarga malaka oshirishga yuborilishi aytildi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda Toshkentda 20 ta elektrobus harakatlanmoqda. Kelgusi yilda Toshkentga yana 200 ta, Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelish rejalashtirilgan.
Dunyoda har 20 ta elektromobilga bitta quvvatlash stansiyasi to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda esa quvvatlash stansiyalari atigi 50 ta va ular asosan Toshkent va Samarqand shaharlarida joylashgan. Elektromobillarga xizmat ko‘rsatishga ishtisoslashgan markazlar yo‘q.