Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun 150 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi

Ajratiladigan kreditlarning 50 foizigacha bo‘lgan qismi qarz oluvchi talabiga asosan naqd pulda taqdim etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 10 okt — Sputnik. Endi qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun kreditlar 150 million so‘mgacha garovsiz beriladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 6-oktabr kuni imzolangan 387-son qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi korxonalariga va mahsulotlarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchi korxonalarga mablag‘lar ajratiladi.
Bunda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun kreditlar 150 million so‘mgacha garovsiz beriladi. Shuningdek, kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlari yillik 14 foiz miqdorida belgilanib, 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatgacha ajratiladi.
Ajratiladigan kreditlarning 50 foizigacha bo‘lgan qismi qarz oluvchi talabiga asosan naqd pulda taqdim etiladi. Ajratiladigan kreditlar bo‘yicha Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari garov ta’minoti sifatida qabul qilinadi.
Qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiruvchilarga hosilni xavf-xatardan sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.
2022–2023 yillarda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiriladigan maydonlar kamida 300 ming gektarga yetkazilishi belgilangan.