G‘arb Ukrainadagi inqiroz oqibatlarini noto‘g‘ri baholadi — Erdog‘an

Erdog‘anning fikricha, yangi davr ziddiyatli asr bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 10 okt — Sputnik. G‘arb davlatlari Ukraina inqiroziga asosli baho bera olmadi, shu bois ularning ba’zilari endi kelayotgan qishdan qanday omon qolish haqida o‘ylamoqda, deydi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an Anqarada qilgan chiqishida.
Uning fikricha, yangi davr farovon emas, ziddiyatli asr bo‘ladi.
“Boylar yanada boyib borar ekan, Afrikadan Osiyogacha milliardlab odamlar asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan deyarli mahrum. So‘nggi 50-60 yil ichida eng yuqori darajaga yetgan inflyatsiya barchani, shu jumladan g‘arbliklarni ham qiyin ahvolga solib qo‘ymoqda”, deydi Erdog‘an.
Uning ta’kidlashicha, dunyo yetakchilari faqat ayni vaqtda nima bo‘layotgani haqida o‘ylaydi.
“Ular Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi voqealarga sog‘lom fikr nuqtayi nazaridan baho bermadi. Kelgusi davrda dunyoda tub siyosiy o‘zgarishlar bo‘lishi muqarrar”, deya xulosa qildi u.
Ukrainada maxsus operatsiya boshlanganidan so‘ng G‘arb Moskvaga nisbatan sanksiya bosimini kuchaytirdi, bu esa Yevropa va AQShda elektr energiyasi, yoqilg‘i va oziq-ovqat narxlarining oshishiga olib keldi. Vladimir Putinning aytishicha, Rossiyani jilovlash va zaiflashtirish siyosati G‘arbning uzoq muddatli strategiyasi bo‘lib, cheklovlar butun jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarba bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va uning ittifoqchilarining asosiy maqsadi millionlab odamlar hayotini yomonlashtirishdir.