O‘zbekistonda MDH davlatlarida yagona bo‘lgan iste’mol nimstansiyasi ishga tushiriladi - foto

Ayni kunlarda nimstansiyada qurilish ishlari olib borilmoqda – tafsilotlar.
Sputnik
TOShKENT, 9 okt — Sputnik. O‘zbekistonda MDH davlatlarida yagona hisoblangan iste’mol nimstansiyasi ishga tushiriladi. Bu haqida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati xabar berdi.
Aytilishicha, kombinat tomonidan amalga oshirilayotgan megaloyiha sifatida e’tirof etilayotgan “Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish” investitsiya loyihasi doirasida, mazkur kon va 3-mis boyitish fabrikasiga tashqi elektr ta’minoti obyektlarini qurish uchun tanlov o‘tkazildi.
Tanlov natijasiga ko‘ra, “O’zelektroapparat-Electroshield” kompaniyasi bilan shartnoma imzolandi.
Ayni kunlarda MDH davlatlarida yagona, kuchlanish sinfi 500/110 kV bo‘lgan 1-raqamli iste’mol nimstansiyasini qurilish ishlari olib borilmoqda.
“Nimstansiyaning loyihalash va tadqiqot ishlari 2026-yilgacha elektra energiyaga bo‘lgan ehtiyojning o‘sib borishi, 500 kilovoltli tarmoq, elektr rejimlarining maxsus hisob-kitoblari va respublika energetika tizimiga ulanishi hamda rele himoyasi, avariyaga qarshi avtomatlashtirilgan tizimlarini inobatga olgan holda hisoblab chiqilgan”, deyiladi xabarda.
Loyihada qurilish materiallari va tovar-moddiy boyliklarni mahalliy bozordan, yuqori texnologik uskunalarni esa dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan xarid qilish ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, bugungi kunda loyihalash ishlari 100%ga, uskunalarni yetkazish 96%ga, qurilish-montaj ishlari esa 94%ga bajarilgan.
Obyekt qurilishiga 100 nafardan ortiq muhandis-konstruktorlar, 200 nafardan ortiq quruvchi-ishchilar va 50ta maxsus texnika jalb qilingan.
1 / 3
2 / 3
3 / 3