TOShKENT, 7 okt — Sputnik. Markaziy Osiyodagi eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi UzAuto Motors o‘z aksiyalarini fond birjasiga joylashtiradi. Bu haqida Sputnik muxbiri xabar berdi.
O‘zbekistonda birinchi marta davlat kompaniyasi o‘z aksiyalarini birlamchi ommaviy taklif (IPO) yo‘li bilan birjaga joylashtiradi.
Xususiylashtirishning birinchi bosqichida kompaniya Toshkent respublika fond birjasiga jismoniy va yuridik shaxslar sotib olishi mumkin bo‘lgan 5 foizgacha aksiyalarni qo‘yadi.
"Kompaniya aksiyalarini ommaviy joylashtirish kompaniyaning strategik rivojlanishi uchun muhim qadamdir. UzAuto Motors zarar ko‘ruvchi va subsidiyalangan kompaniyadan xorijiy mamlakatlarda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan eng yirik va eng daromadli avtomobil ishlab chiqaruvchisiga aylandi” deydi “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov.
Qayd etilishicha, bunday kompaniyalarning IPOga chiqarilishi investorlarning keng doirasiga o‘z aksiyalarini sotib olish imkonini beradi, bu esa mahalliy kapital bozorini rivojlantirishda muhim jihatdir.
“Birlamchi ommaviy taklifdan so‘ng avtomobil ishlab chiqaruvchisi aksiyalarining narxi ko‘tariladi, chunki u ishonchli va daromadli korxona”, deydi IPO bo‘yicha mutaxassis Evgeniy Mojeyko.
Ma’lumot uchun, kompaniyaning o‘tgan yildagi sof foydasi 166 mln dollarni tashkil etdi, ishlab chiqarish hajmi 235 ming dona avtomobilga teng bo‘ldi. Joriy yilda kompaniya ishlab chiqarishni 340 mingtaga yetkazishni rejalashtirgan.