TOShKENT, 7 okt — Sputnik. Toshkentda 2023-yildan fuqaroning raqamli pasporti sinov loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan 571-sonli qarorda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, fuqaroning raqamli pasporti sinov loyihasi dastlab 2023-yil 1-yanvardan 2023-yil 31-dekabrga qadar Toshkentda amalga oshiriladi. Shundan so‘ng, loyihaning keyingi bosqichini amalga oshirish respublikaning barcha hududlarida davom ettiriladi.
Loyiha doirasida “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning yagona axborot tizimi negizida ayrim turdagi ma’lumot va hujjatlarni elektron ko‘rinishda taqdim etish imkoniyatini beruvchi “OneID mobile” dasturiy ta’minoti ishlab chiqiladi.
Mobil ilova orqali quyidagi hujjatlarni taqdim etishga ruxsat etiladi:
O‘zbekiston fuqarosi pasporti;
Haydovchilik guvohnomasi;
Avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risida guvohnoma;
Oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom va talaba to‘g‘risidagi ma’lumotlari;
Pensiya yoki nafaqa guvohnomasi;
Jismoniy shaxs tomonidan umumiy ta’lim muassasasini (11-sinf negizida) tamomlaganligi to‘g‘risida attestat;
Koronavirusga qarshi emlanganlik holati to‘g‘risidagi sertifikat;
Kadastr pasporti;
Tug‘ilganlik va nikoh qayd etilganlik haqidagi dalolatnoma.
Mobil ilovadan O‘zbekiston fuqaroligini tasdiqlovchi hujjati bo‘lgan muomalaga layoqatli shaxslar foydalanish huquqiga ega.
Foydalanuvchining mobil ilovadan foydalanishga ruxsat olish jarayoni Face-ID yoki Mobil-ID usuli orqali masofadan identifikatsiya qilish orqali amalga oshiriladi.
Mobil ilovadan foydalanish vaqtida foydalanuvchining o‘ziga tegishli ma’lumotlar to‘g‘ri yoki haqiqiyligi yuzasidan e’tirozi bo‘lsa, mobil ilova yordamida murojaat qilishi mumkin.