TOShKENT, 7 okt — Sputnik. Bugun O‘zbekistonlik taniqli rok-pop yulduzi Davron G‘oyipov xastalik sabab 61 yoshida vafot etdi. Bu haqda suhandon Tolibjon Isroilov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
“Mamlakat yana bir mahoratli afsonasidan ayrildi. Bugun, o‘z tug‘ilgan kunida rok-pop yulduzi olamdan o‘tdi. 61 yosh, biroz vaqtli edi-da. Alloh bilguvchi! Hozirgina jiyani bilan gaplashdim, janoza va dafn Xorazmda bo‘lar ekan?”, - deya yozib qoldirdi Tolibjon Isroilov.
Davron G‘oyipov 1978-yilda u “Yalla” guruhiga bas gitarachi sifatida taklif qilingan. 1980-yilda u boshchiligida O‘zbekistondagi ilk rok guruhi – “Original” tuzilgan.
1980 yillar boshlarida ijro etilgan “Bu nima bu?” qo‘shig‘i guruhga katta mashhurlik olib kelgan. Qo‘shiq asosida keyinroq film ishlangan va bosh rolni Davron G‘oyipov ijro etgan.
Bundan tashqari “Qaydasan”, “Kerak emas shahlo ko‘zlaring”, “Otkritoe okno” kabi qo‘shiqlar ham muxlislar ko‘ngillaridan joy olgan.