“Sijjak” dam olish maskani qayta sotuvga qo‘yildi

Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan "Sijjak" oromgohi qayta auksionga qo‘yildi. Uning boshlang‘ich narxi qariyb 71 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Sputnik
TOShKENT, 7 okt — Sputnik. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi E-auksion saytida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Sijjak” dam olish maskanini yana sotuvga qo‘ydi.
Bo‘stonliqdagi mazkur oromgohning umumiy yer maydoni 5,38 gektar, bino va inshootlar maydoni 4039,56 kvadrat metrni tashkil etadi. Majmua hududida mehmonxona binolari, bir nechta suzish havzalari, amfiteatr, kottej, suv minorasi va boshqa inshootlar mavjud.
Dam olish maskanining boshlang‘ich bahosi 70 milliard 68 million so‘m, omonat summasi 5 foiz miqdorida – 3,5 milliard so‘m. Arizalar 7-noyabr soat 09:00 gacha qabul qilinadi. Auksion o‘sha kuni bo‘lib o‘tadi.
“Sijjak” dam olish maskani Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan. U avval ham ikki marta: 2020-yil iyun, 2021-yil aprelda va 2022-yil aprelda sotuvga qo‘yilgan.