Rossiya va O‘zbekiston birodarlik munosabatlarini saqlab qolgan – Valeriy Fadeyev

O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Rossiya Inson huquqlari kengashi raisi Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Inson va zamonaviy dunyo qadriyatlari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.
Sputnik
TOShKENT, 7 okt — Sputnik. SSSR parchalanganidan so‘ng Rossiya va O‘zbekiston xalqlar o‘rtasidagi birodarlik munosabatlarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqida Rossiya Federatsiyasi prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash raisi Valeriy Fadeyev ma’lum qildi.
Fadeyev 3-6 oktabr kunlari O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘ldi.
“Rossotrudnichestvo”ning respublikadagi vakolatxonasi xabariga ko‘ra, Inson huquqlari bo‘yicha kengashi rahbari Toshkentdagi mahalliy vatandoshlar tashkilotlari, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashdi.
Aytilishicha, Fadeyev Toshkent shahrida tug‘ilgan va bu yerda boshlang‘ich maktabda ta’lim olgan.
“Sinfimizda o‘n ikki millat bor edi, hammamiz bir-birimizdan farq qilar edik, lekin bizda bir xislat, bir tuyg‘u bor edi, bu birodarlik. Mamlakatning qulashi bilan odamlar o‘rtasidagi munosabatlar, yangi davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar o‘zgardi. Ammo Rossiya va O‘zbekiston munosabatlarida, baxtimizga, bizning bolalarcha tuyg‘umiz saqlanib qoldi”, deydi Fadeyev.
Fadeyev O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Inson va zamonaviy dunyo qadriyatlari” xalqaro konferensiyasida ham ishtirok etdi.