TOShKENT, 7 okt — Sputnik. O‘zbekistonda Rossiya Qurilish vazirligi standartlari asosida mutaxassislarni tayyorlash uchun Novgorod qurilish kollejining filiali ochilishi kutilmoqda. Bu haqida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov Rossiyaga tashrifi doirasida Novgorod viloyati ta’lim vaziri Dmitriy Yakovlev bilan muzokaralar o‘tkazdi.
“Uchrashuvda Rossiyaning 100 ta eng yaxshi ta’lim muassasalari qatoriga kiritilgan Novgorod qurilish kollejining O‘zbekistonda filialini ochish masalasi muhokama qilindi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, kollejda Rossiya Qurilish vazirligi standartlariga muvofiq 26 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘quv kurslari ochilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili oktabr oyida Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin O‘zbekistondan 10 ming mehnat muhojirini Rossiyadagi qurilish obyektlariga jalb etish bo‘yicha tajriba dasturini ishga tushirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.
2021 yil sentabr oyida O‘zbekiston Mehnat vazirligi va Rossiya Federatsiyasi Quruvchilar milliy assotsiatsiyasi (NOSTROY) o‘rtasida Rossiyadagi qurilish obyektlariga ketayotgan mehnat migrantlari uchun respublikada malaka imtihonlarini o‘tkazishni nazarda tutuvchi hamkorlik shartnomasi imzolangan.
Avgust oyi o‘rtalarida O‘zbekiston Mehnat vazirligi respublikadan tashqarida ishlash uchun mamlakatdan chiqib ketganlar soni ikki milliondan ortiqni tashkil etgani haqida ma’lum qildi. Mutaxassislarning fikricha, ularning 60 foizga yaqini Rossiyada mehnat qilmoqda.