Markaziy bank ikkita tijorat banklar litsenziyasini bekor qildi

Aholining banklardagi omonatlari 2 oydan so‘ng to‘liq qaytariladi.
Sputnik
TOShKENT, 7 okt — Sputnik. Markaziy bank “HI-TECH BANK” va “Turkiston” xususiy aksiyadorlik tijorat bankidan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya chaqirib oldi.
Aytilishicha, Turkistonbank aktivlar hajmi bo‘yicha respublika bank tizimida 26-o‘rinni, Hi-tech bank esa 29-o‘rinni egallagan.
Har ikki bank tomonidan "Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunning 54 va 77-moddalarida belgilangan quyidagi qoidabuzarliklar sodir etilgan:
bank aktivlari bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi yetarlicha zaxiraning mavjud emasligi;
regulyativ kapitalining ellik foizidan ortiq miqdorda zarar ko‘rganligini;
bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi;
buxgalteriya hisobining hisobotga oid ma’lumotlar buzilishiga olib keladigan va bankning haqiqiy moliyaviy ahvolini aks ettirish imkonini bermaydigan qoidabuzarliklar bilan yuritilganligi;
bank faoliyatidagi qo‘pol qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi Markaziy bank ko‘rsatmalarining belgilangan muddatda bajarilmaganligi;
jiddiy qoidabuzarlik uchun Markaziy bank tomonidan jarima qo‘llanilganidan keyin huddi shunday qoidabuzarlikni takroran sodir etilganligi sababli “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘isida”gi Qonunning 20-moddasiga muvofiq Markaziy bank boshqaruvi ushbu qarorni qabul qildi.

“Aholining banklardagi omonatlari Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan to‘liq kafolatlanganligi munosabati bilan omonatchilarning barcha mablag‘lari, birinchi navbatda, 2 oydan so‘ng to‘liq qaytariladi”, deyiladi xabarda.

Hozirda Markaziy bankda "Turkistonbank" va Hi-tech bank`ni tugatish komissiyasi tarkibi tayinlandi va "Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi Qonunga asosan bank ishlarini boshqarish bo‘yicha, shu jumladan, bank aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi, kuzatuv kengashi va boshqaruvi vakolatlari ushbu komissiyaga o‘tdi.