Bugun Mirziyoyev Sankt-Peterburgga tashrif buyuradi

O‘zbekiston prezidenti so‘nggi bor Rossiyaga o‘tgan yilning 28-dekabr kuni MDHning norasmiy sammitida ishtirok etish uchun borgan edi.
Sputnik
TOShKENT, 7 okt — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan bugun Sankt-Peterburg shahriga boradi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Mirziyoyev Sankt-Peterburg shahrida o‘tkaziladigan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlarining norasmiy sammiti tadbirlarida ishtirok etadi.
Tadbir kun tartibiga muvofiq ko‘p tomonlama hamkorlik va mintaqaviy sheriklikning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgan.
MDH davlatlari rahbarlarining oxirgi norasmiy uchrashuvi o‘tgan yil dekabr oxirida bo‘lib o‘tgan edi. U Rossiya prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan edi.
Uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ham ishtirok etishgandi.