O‘zbekiston Jahon paxta tadqiqotlari konferensiyasiga mezbonlik qiladi

Mazkur konferensiyada paxta bo‘yicha tadqiqotlar olib boruvchi butun dunyodagi olimlar jam bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 6 okt — Sputnik. Jahon paxta tadqiqotlari konferensiyasi 2024-yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Bu haqida Misrning Qohira shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon paxta tadqiqotlari konferensiyasida ma’lum qilindi.
Bugun Qohirada bo‘lib o‘tgan Jahon paxta tadqiqotlari konferensiyasida Innovatsion rivojlanish vaziri ishtirok etdi.
“Mazkur konferensiya paxta bo‘yicha tadqiqotlar olib boruvchi butun dunyodagi olimlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, tadqiqotlar bo‘yicha ma’lumotlar almashish, hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
Bunda paxta yetishtirish bo‘yicha mavjud va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning yechimlari izlanadi, paxta sanoati barqaror rivojlanishiga qaratilgan tadqiqotlarning sinergiyasi ta’minlanadi.
Ma’lumot uchun, Jahon paxta tadqiqotlari konferensiyasi (World Cotton Research Conference - WCRC) paxta yetishtiruvchi mamlakatlaridan birida har to‘rt yilda bir o‘tkaziladi.
Ushbu konferensiya shu paytgacha Avstraliya, (1994), Gretsiya (1998), Janubiy Afrika (2003), AQSh (2007), Hindiston (2011) Braziliyada (2016) va joriy yilda Misrda o‘tkazildi.