Ikki mingga yaqin bemorda yuqori texnologiyali operatsiyalar o‘tkaziladi

Yil yakuniga qadar hududlarda yuqori texnologiyali amaliyotlar ulushi 60 foizga yetkaziladi.
Sputnik
TOShKENT, 6 okt — Sputnik. O‘zbekistonda yil yakunigacha 2 ming nafarga yaqin bemorda yuqori texnologiyali operatsiyalar o‘tkaziladi. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Aytilishicha, yil yakuniga qadar 68 ta buyrak transplantatsiyasi, 2 mingga yaqin bemorlarda yuqori texnologiyali amaliyotlar bajariladi.
Tuman darajasida o‘tkazilayotgan jarrohlik operatsiyalari soni 100 taga ko‘paytiriladi. Hududlarda yuqori texnologiyali amaliyotlar ulushi esa 60 foizga yetkaziladi.
Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari tomonidan joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
tug‘ma yurak nuqsoni bo‘lgan 2 505 nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi;
kichik yoshli bemorlardan 550 nafarida davolash amaliyotlari endovaskulyar yo‘l, ya’ni qon tomirlari orqali bajarildi;
344 nafar eshitish zaifligi va karlik mavjud bolalar koxlear implantatsiya amaliyoti bilan qamrab olindi;
respublika bo‘yicha 178 ta buyrak transplantatsiyasi o‘tkazildi, shundan 34 tasi hududlarda bajarildi;
42 turdagi laparoskopik, torakoskopik va endovaskulyar jarrohlik usullari amaliyotga tatbiq etildi.
Ma’lumot uchun, hozirgi kunda 24 ta ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazi va joylarda ularning 269 ta filiali tomonidan 6000 dan ziyod tibbiy amaliyotlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Shundan 750 dan ortig‘ini viloyat, 150 dan ziyodini tuman darajasida bajarish o‘zlashtirildi.