Ideal nonushtada qanday ichimlikni ichish salomatlik uchun ko‘proq foydali bo‘ladi? Shifokor- parhezshunos, endokrinolog Mariya Naviskaya bu borada o‘z tavsiyalarini keltirib o‘tdi. Bu haqda Sputnik Belarus ma’lum qildi.
Shifokorning aytishicha, nonushta vaqtida bir finjon qahva ichish zararli emas. So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, eruvchan emas, balki tabiiy yanchilgan qahvani meyorda iste’mol qilish hech qanday qon bosimi oshishi yoki yurak-qon tomir kasalliklarining boshqa turlariga olib kelmaydi.
Albatta, ushbu tetiklantiruvchi ichimlikni iste’mol qilish uchun yaxshilab nonushta qilish zarur. Chunki, och qoringa ichilgan qahva oshqozon shilliq qavatini shikastlantirish mumkin. Ko‘k choy bilan ham shunday ehtiyot bo‘lish zarur.
“Faqat shakar choy yoki qahva bilan nonushta qilish umuman mumkin emas. Chunki aldamchi to‘qlik va tetiklik hissi tez o‘tib ketadi va bundan so‘ng quvvat yo‘qoladi”, - deydi Mariya Naviskaya.
Choy yoki qahvaga nima qo‘shish foydali?
"Choy va qahva sog‘lom ichimliklardir. Ularda flavonoidlar va alkaloidlar – yallig‘lanishga qarshi xususiyatga ega bo‘lgan, yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi, organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi erkin radikallar uchun tuzoq vazifasini o‘taydigan, hujayra membranalarini himoya qiluvchi moddalar mavjud. Eng muhimi, ushbu ichimliklarni o‘ta issiq holda ichmaslik kerak. Ya’ni ularning harorati 65-70 darajadan yuqori bo‘lmasligi kerak, aks holda ular qizilo‘ngach saratonini keltirib chiqarishi mumkin", deydi shifokor-diyetolog va gastroenterolog Margarita Arzumanyan.
Ba’zi qo‘shimcha mahsulotlar choy va qahvani yanada foydali qiladi va immunitet tizimiga ijobiy ta’sir qiladi.
"Choy va qahvaning antioksidant xususiyatlarini oshiradigan qo‘shimchalar zanjabil, dolchin, kardamon, apelsin qobig‘i kabi ziravorlardir. Ozgina qalampir qo‘shish ham mumkin. Bu ichimliklarni yanada sog‘lom, iliq qiladi va siz sinergiyaga ega bo‘lasiz. Bundan tashqari, qo‘shimchalar odatdagi ichimlikka yangi ta’m bag‘ishlaydi”, deb tushuntirdi Margarita Arzumanyan.
Ammo shifokor choy yoki qahvaga asal qo‘shishni tavsiya etmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir qoshiq asalni choy yoki qahvadan oldin iste’mol qilish foydaoiroq bo‘ladi.