O‘zbekistonda ilk bor son suyagi sinishi bo‘yicha yangi jarrohlik amaliyoti yo‘lga qo‘yildi

Bugungacha 20 nafardan ziyod og‘ir shikastlangan bemorda ushbu murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Sputnik
TOShKENT, 5 okt — Sputnik. O‘zbekistonda ilk bor son suyaklari sinishlari o‘tkir davrida tos-son bo‘g‘inini endoprotezlash yo‘lga qo‘yildi. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida bu yildan ilk bor tos suyaklari va qovurg‘alarning ko‘plab sinishlarida zamonaviy yuqori texnologik metall konstruksiyalarni qo‘llovchi yangi xirurgik amaliyotlar yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda ilk bor son suyaklari sinishlari o‘tkir davrida tos-son bo‘g‘inini endoprotezlash muolaja usullari amaliyotga tatbiq qilindi.

“Bugungacha 20 nafardan ziyod og‘ir shikastlangan bemorda ushbu murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Natijada ular orasida o‘lim va nogironlik ko‘rsatkichlari qisqarishiga erishildi”, - deydi markaz direktori Doniyor Alimov.

Ma’lumot uchun, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlardagi 13 filiali hamda 181 ta subfilialida aholiga bepul, sifatli va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
Birgina markazning 53 ta klinik va paraklinik bo‘lim hamda tarkibiy bo‘linmalarida kattalar va bolalarda qorin bo‘shlig‘i, ko‘krak qafasidagi barcha shoshilinch kasalliklarda minimal invaziv laparoskopik jarrohlik usullari, yurak huruji va bosh miya qon aylanishi buzilishlarida dunyoda “oltin standart” sifatida qabul qilingan teri orqali minimal invaziv angiografik usullar keng qo‘llanilmoqda.
2022 yil markaz va uning hududiy filiallarida “bola yoshidagi shikastlanishlar” bo‘limi tashkil qilindi. Umurtqalarning nostabil sinishlarini xirurgik davolashning zamonaviy usullari amaliyotga tatbiq qilinishi natijasida esa 900 nafardan ziyod bemorning sog‘ayish muddati qisqardi.