TOShKENT, 5 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonni 70 yoshga to‘lgani bilan tabriklab, telegramma yo‘lladi. Bu haqda Tojikiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
“Hurmatli Emomali Sharifovich! Hurmatli birodar! Siz Janobi Oliylariga 70 yoshingiz munosabati bilan samimiy tabrik va ezgu tilaklarimni bildirishdan chin dildan mamnunman. Biz sizni zamonaviy Tojikistonning atoqli davlat arbobi, xalqingizning buyuk farzandi va yurtingiz tinchligi va farovonligi yo‘lida katta matonat bilan mehnat qilayotgan haqiqiy rahbar sifatida bilamiz”, - deyiladi tabrikda.
Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmonning uzoqni ko‘ra oluvchi va oqilona siyosati natijasida xalqning turmush darajasi yuksalib, Tojikiston barcha sohalarda salmoqli yutuqlarga erishayotgani, xalqaro maydonda davlat nufuzi yuksalib borayotganini qayd etgan.
“So‘nggi yillarda amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan faol muloqotimiz strategik sheriklik munosabatlarini mutlaqo yangi bosqichga – ittifoqchilik munosabatlariga olib chiqdi. Shubhasiz, qat’iy siyosiy irodamiz va o‘zaro sa’y-harakatlarimiz tufayli O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar bundan buyon ham barcha sohalarda abadiy do‘stlik, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik ruhida rivojlanadi”, - deyiladi O‘zbekiston prezidentining telegrammasida.
“Sizni hayotingizdagi unutilmas kun – shonli yubiley bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, sizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va mas’uliyatli davlat faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, qardosh Tojikiston xalqiga tinchlik, osoyishtalik va doimiy taraqqiyot tilayman”,- deya qo‘shimcha qilgan Shavkat Mirziyoyev.