TOShKENT, 04 okt — Sputnik. O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi qoshidagi ishchi guruh ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy dasturlar, yangi o‘quv qo‘llanmalarini yaratish ishlarini boshladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hozirda birinchi sinfdan to ikkinchi sinfgacha bo‘lgan barcha o‘quv mahsulotlari aprobatsiya uchun tanlab olingan.
“Hurmatli boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari! Agarda siz ushbu aprobatsiya ishlarida qatnashish istagida bo‘lsangiz talim2023.uz veb-sayti yoki @talim2023_bot telegram boti orqali ro‘yxatdan o‘tib, o‘zingiz haqingizda ma’lumot qoldirishingiz mumkin. Biz albatta siz bilan bog‘lanamiz va sizni ishchi guruhimizga taklif qilamiz”, - deyiladi xabarda.
Avvalroq, Prezident administratsiyasi, Xalq ta’limi vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi va yana bir qator tashkilotlarning mas’ul vakillaridan iborat katta ishchi guruh tuzilgani aytilgan edi.