Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi

Shimoliy Koreya yangi hududlarning Rossiya tarkibiga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatladi

KXDR TIV yangi hududlarning Rossiya tarkibiga qo‘shilishi bo‘yicha referendum natijalarini qo‘llab-quvvatladi.
Sputnik
TOShKENT, 4 okt — Sputnik. Shimoliy Koreya hukumati DXR, LXR, Zaporojye va Xerson viloyatlarida Rossiya tarkibiga qo‘shilish bo‘yicha o‘tkazilgan referendum natijalarini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda KXDR TIV xalqaro tashkilotlar departamenti boshlig‘i Cho Chxol Su ma’lum qildi, deya xabar berdi RIA Novosti.

“Biz Rossiya bilan qayta birlashish istagida bo‘lgan rezidentlarning xohish-irodasini hurmat qilamiz va Rossiya hukumatining ushbu hududlarni mamlakat tarkibiga kiritish bo‘yicha pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlaymiz”, -dedi Cho Chxol Su.

Uning ta’kidlashicha, saylovchilarning katta qismi Rossiyaga qo‘shilish tarafdori.
“Referendumlar BMT Nizomiga muvofiq, odamlarning teng huquqliligi va ularning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi prinsiplarini mustahkamlagan qonuniy tartiblarga muvofiq, ikki respublika va ikki viloyat aholisining xohish-irodasini aks ettirishga imkon yaratgan holda o‘tkazildi”, - deya qo‘shimcha qilgan KXDR diplomati.
Cho Chxol Suga ko‘ra, bir qutbli dunyoni saqlab qolish maqsadida Qo‘shma Shtatlar “BMT Xavfsizlik kengashini suiiste’mol qiladi”, mustaqil davlatlarning ichki ishlariga aralashadi va ularning huquqlarini poymol qiladi.
“AQSh o‘z hukmronligini saqlab qolish uchun BMT Xavfsizlik Kengashidan qalqon va tajovuz vositasi sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan kunlar o‘tib ketdi”, - dedi diplomat.
Uning ta’kidlashicha, Vashington "sobiq Yugoslaviya, Afg‘oniston va Iroqda urushlarni boshlab yuborgan", ammo Xavfsizlik Kengashi uni javobgarlikka tortmagan.
23-27 sentabr kunlari Ukrainaning ozod qilingan hududlarining Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirishi bo‘yicha referendumlar bo‘lib o‘tdi. Referendum natijalariga ko‘ra DXRda - 99,23%, LXRda - 98,42 %, Xerson viloyatida - 87,05 % va Zaporojye viloyatida - 93,11% aholi Rossiyaga qo‘shilishni yoqlab ovoz bergan.
30 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va DXR, LXR, Xerson va Zaporojye rahbarlari Rossiya tarkibiga yangi hududlarni qabul qilish to‘g‘risidagi shartnomalarni imzolashdi.
3 oktabr kuni Rossiya Davlat dumasi Donesk va Lugansk xalq respublikalari, Zaporojye va Xerson viloyatlarini Rossiya tarkibiga qabul qilish to‘g‘risidagi shartnomalarni bir ovozdan ratifikatsiya qildi.