Donesk shahrida Rossiya pasportini olish uchun navbatlar paydo bo‘ldi

Migratsiya xizmati xodimlari referendumlardan keyin hujjat berishni xohlovchilar soni ortganini tasdiqlamoqda.
Sputnik
TOShKENT, 4 okt — Sputnik. Konstitutsiyaviy sudning Donesk xalq respublikasi aholisini Rossiya fuqarosi deb tan olish to‘g‘risidagi qaroridan so‘ng Doneskda Rossiya pasportini olish uchun navbatlar paydo bo‘ldi. Bu haqda RIA Novosti muxbiri xabar bermoqda.
Migratsiya xizmati xodimlari referendumlardan keyin hujjat berishni xohlovchilar soni ortganini tasdiqlamoqda.
“Men buni sakkiz yildan beri kutganman. Butun umrim davomida o‘zimni rus deb hisoblaganman”, deydi keksa kishi RIA Novostiga.
Ta’kidlanishicha, bahorda u hali ham Ukraina qo‘shinlari nazoratida bo‘lgan Slavanskdan Doneskka kelishga muvaffaq bo‘lgan. U DXR fuqaroligini olish uchun ariza bermagan, lekin darhol Rossiya fuqaroligini oldi.
Butun ongli hayoti DXRda o‘tgan yosh qiz ham bir qator rus hujjatlarini oldi.
“Buni qilish anchadan beri zarur edi, biz har doim o‘zimizni Rossiyaning bir qismi deb bilganmiz”, deydi u RIA Novosti agentligiga.
Agentlik suhbatdoshining aniqlik kiritishicha, unda Ukraina pasporti bor, lekin u “hech qachon undan foydalanmagan va foydalanishni rejalashtirmagan ham”.
Rossiya pasportlari Donesk xalq respublikasida bir necha yillardan beri berilib kelinmoqda va har yili bu tartib soddalashtirilmoqda. Avvaliga DXR fuqarolari uni olishlari mumkin bo‘lgan va buning uchun Rossiya hududiga chiqish kerak bo‘lgan. Endi hujjatni Ukraina fuqaroligi va mahalliy ro‘yxatga olish bilan ham qo‘lga kiritish mumkin. Rossiya hududiga chiqishning hojati yo‘q - hujjatlar Doneskda berilishi mumkin.
23-27 sentabr kunlari Ukrainaning ozod qilingan hududlarining Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirishi bo‘yicha referendumlar bo‘lib o‘tdi. Referendum natijalariga ko‘ra DXRda - 99,23%, LXRda - 98,42 %, Xerson viloyatida - 87,05 % va Zaporojye viloyatida - 93,11% aholi Rossiyaga qo‘shilishni yoqlab ovoz bergan.
30 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va DXR, LXR, Xerson va Zaporojye rahbarlari Rossiya tarkibiga yangi hududlarni qabul qilish to‘g‘risidagi shartnomalarni imzolashdi.