TOShKENT, 3 okt — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda chet el fuqarolari, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan mehnat migrantlarining Rossiya Federatsiyasida harbiy xizmatga majburiy chaqirilishi haqidagi mish-mishlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Rosssiya Ichki ishlar vazirligining soxta buyrug‘iga tayanib, Rossiyada vaqtincha bo‘lib turgan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari qisman safarbar qilinishi, agar shartnoma tuzishdan bosh tortsa, go‘yoki ularning ishlashga ruxsatnomalari bekor qilinishi va deportatsiya qilinishi haqidagi noto‘g‘ri xabarlar tarqatilmoqda.
“Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini turli da’vatlarga ergashmaslikka, faqat rasmiy ma’lumotlarga e’tibor qaratishga chaqiramiz”, - deyiladi xabarda.