Qozog‘istonda KXShT o‘quv mashg‘ulotlarining faol bosqichi boshlandi

Mashg‘ulotlarda jami ishtirokchilar soni 6500 nafardan ortiq bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 3 okt — Sputnik. 3 oktabrdan 7-oktabrgacha Qozog‘istonda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti o‘quv mashg‘ulotlarining faol bosqichi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabarida aytilgan.
Ochilish marosimida KXShT Bosh kotibi o‘rinbosari Tohir Xayrulloyev, KXShT Birlashgan shtabi boshlig‘i, general-polkovnik Anatoliy Sidorov hamda mashg‘ulotlarda ishtirok etayotgan mamlakatlar qurolli kuchlari vakillari ishtirok etdi.
“KXShT davlatlari strategik sheriklar va ittifoqchilardir, bo‘lajak mashg‘ulotlar nafaqat harbiy xizmatchilarning jangovar mahorati va kollektiv kuchlarning uyg‘unligini oshirish vositasi bo‘libgina qolmay, balki tajriba almashish yo‘nalishida muvaffaqiyatlarga erishib, samarali xalqaro harbiy hamkorlik namunasiga aylandi”, dedi Qozog‘iston mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i, general-leytenant Marat Xusainov.
Marat Xusainov mashg‘ulotlar ishtirokchilarini qutlar ekan, tashkilotning mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, ishtirokchi davlatlar harbiy xizmatchilarining kasbiy mahoratini oshirishdagi ahamiyatini ta’kidladi.
Mashg‘ulotlarning faol bosqichi “Matibuloq” poligonida bo‘lib o‘tadi va 7-oktabrga qadar davom etadi. Mashg‘ulotlarda jami ishtirokchilar soni 6500 nafardan ortiq bo‘lib, 850 dan ortiq harbiy va maxsus texnika, jumladan, samolyotlar, vertolotlar va dronlar jalb etilgan.