TOShKENT, 3 okt — Sputnik. Vazirlar Mahkamasining 28-sentabrdagi Buxoro viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining 2022-2026 yillarda turistik salohiyatini kompleks rivojlantirish to‘g‘risidagi tegishli qarorlari qabul qilindi, deya xabar qildi Norma.uz.
Hujjatlar ushbu hududlarda turizmni rivojlantirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar hamda yillik maqsadli ko‘rsatkichlarni nazarda tutmoqda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi:
Mo‘ynoqda turizm masalalariga oid xalqaro konferensiya o‘tkazish;
Qoraqalpog‘istonning har bir shahar va tumanidan 500 nafar aholini respublikaning turistik hududlariga yuborilishini tashkillashtirish.
Xorazm viloyati:
Xorazmshohlar davlat muzeyini tashkil etish;
“Xorazm” turistik brendini yaratish bo‘yicha tanlov o‘tkazish;
2024 yilga qadar Xiva shahrigacha tezurar poyezdni yo‘lga qo‘yish;
“Urganch-Boku-Urganch”, “Madrid-Urganch-Toshkent” yo‘nalishlari bo‘yicha, shuningdek Pokiston, Indoneziya, Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlaridan muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish;
turistik mahallalarni barpo etish.
Buxoro viloyati:
2022-2026 yillarda Buxoroga turistik oqimni (mahalliy va xorijiy) 5 mln nafarga, ushbu sohada eksport hajmini 600 mln AQSh dollariga yetkazish;
800 dan ziyod madaniyat obyektlarini birma-bir restavratsiya qilish;
"Street Food" gastronomik ko‘chasini barpo etish;
“Qadimgi Poykent” arxeologik yodgorligini muzeyga aylantirish va arxeologik park barpo etish;
Turkiya, Buyuk Britaniya, Fransiya muzeylarida saqlanayotgan, Abu Ali Ibn Sino qalamiga mansub qo‘lozmalar nusxalarini shakllantirish va Buxorodagi muzeyga joylashtirish;
Buxoro jayronlar pitomnigini turistik joyga aylantirish;
yoshlar turistik forumini o‘tkazish.
Shuningdek, hujjatlarda ushbu hududlardagi bo‘sh turgan yerlarni auksion orqali mehmonxona va xostellar qurilishi uchun ajratish nazarda tutilgan.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilning yanvar-avgust oylarida 3 milliondan ziyod chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Sayyohlar soni o‘tgan yilga qaraganda qariyb 3 baravarga ko‘paygan.
Hukumat kelgusi yilda 7 million xorijiy va 12 million mahalliy turistlarni jalb qilish, turizm eksportini 2 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirgan.