O‘zbekiston Rossiyadan eng ko‘p qaysi oziq-ovqatlarni sotib olmoqda?

O‘zbekiston Rossiyadan asosan margarin, yog‘, kakao, shokolad kabi mahsulotlar xarid qilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 3 okt — Sputnik. O‘zbekistonga 2022-yilning yanvar-avgust oylarida Rossiyadan 89,1 ming tonna margarin mahsulotlari import qilingan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning dastlabki 8 oyida 20,3 ming tonna o‘simlik yog‘i, 19,7 ming tonna kakao va shokolad Rossiyadan O‘zbekistonga kirib kelgan.
Shuningdek, mamlakat Rossiyadan 15 ming tonna kartoshka, 10,3 ming tonna bug‘doy uni, 9,5 ming tonna sut mahsulotlari, 4 ming tonna parranda go‘shti hamda 3,2 ming tonna baliq va dengiz mahsulotlarisotib olgan.
2022 yil yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi – 5,7 mlrd mlrd dollarni tashkil etgan.
Qayd etish kerakki, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo o‘sishi, ayniqsa, yengil sanoat va qishloq xo‘jaligida ko‘proq kuzatilmoqda. Rossiya bozorlariga O‘zbekiston mahsulotlarini yetkazish ikki baravarga ortgan.
Statqo‘mga ko‘ra, Rossiya O‘zbekistonga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beruvchi asosiy davlatlar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni saqlab qolgan. Xususan, O‘zbekiston umumiy importining 23,9 foizi mazkur mamlakat hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Ma’lumot uchun, 2021-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning Rossiya bilan tovar ayirboshlash hajmi 32,8 % ga o‘sib, 7 milliard 517 million dollarni tashkil etdi. Rossiya respublikaning umumiy tashqi savdo aylanmasida 17,9 % ulush bilan yirik hamkor davlatlar qatoridan birinchi o‘rinni egalladi.