TOShKENT, 2 okt — Sputnik. Toshkentda Saudiya Arabistonining rasmiy integratsiyalashgan raqamli platformasi “Nusuk”ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, bu elektron platforma butun dunyodan Saudiya Arabistoniga tashrif buyurayotgan musulmonlar tajribasini boyitish va Umra ziyoratiga kelish tartiblarini osonlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
“Nusuk” platformasi ziyoratchilarga ma’lumot va bir qator xizmatlarni taqdim etib, ularga Umra marosimlarini qulaylik bilan bajarish imkonini beradi, deya yozadi “Spot”.
Platforma yordamida ziyoratchilar elektron viza uchun ariza berishlari, mehmonxona xonalarini band qilishlari mumkin.
Keyinchalik qo‘shimcha xizmatlar — interaktiv xaritalar, takliflar va tadbirlar taqvimi, sog‘liqni saqlash bo‘yicha ma’lumotlar va xizmatlar hamda bir necha tillarda taqdim etilgan raqamli qo‘llanmani o‘z ichiga oladi.
Avvalroq O‘zbekiston fuqarolari uchun yillik haj kvotasini 24 ming nafargacha, umra kvotasini esa 100 ming nafargacha oshirish yuzasidan kelishuvga erishilgani xabar qilingan edi.