Birinchi oktabrdan nimalar o‘zgardi?

1 oktabrdan o‘quv kurslari uchun ta’lim krediti beriladi, kasanachilarga ajratiladigan subsidiya miqdori oshiriladi, ayrim sohalarda davlat kosmik monitoringi yo‘lga qo‘yiladi – batafsil maqolada.
Sputnik
TOShKENT, 2 okt — Sputnik. Adliya vazirligi birinchi oktabrdan O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.
Kasanachilarga ajratiladigan subsidiya miqdori oshiriladi
2022 yil 1-oktabrdan:
kasanachiga ajratiladigan subsidiya miqdori BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mgacha) oshiriladi;
olis va chekka hududlardagi mahallalarda kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlagan tadbirkorlar o‘rtasida har yili bir marta har birining qiymati 50 million so‘m bo‘lgan loyihalar tanlovi o‘tkaziladi;
“Ayollar daftari”dagi kamida 5 ta ishsiz xotin-qizlarni kasanachilik asosida ishga qabul qilgan tadbirkorlar tomonidan davlat mulkidagi bino va inshootlarni ijaraga olishda ijara haqi 50 foiz miqdorda undiriladi.
Bolalar uchun mo‘ljallangan tele- va radiomahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi
Bolalar uchun mo‘ljallangan tele- va radiomahsulotlarni ishlab chiqarish va efirga uzatish bo‘yicha har yili eng yaxshi 30 ta loyiha uchun har biri BHMning 300 baravarigacha (90 mln so‘mgacha) bo‘lgan tanlov e’lon qilinadi.
Dasturiy mahsulotlar ishlab chiqishga 1 milliard so‘mgacha grant ajratiladi
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida IT-ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish hamda eksportga yo‘naltirish bo‘yicha startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov asosida 1 milliard so‘mgacha grantlar ajratish tartibi joriy qilinadi.
Ayrim sohalarda davlat kosmik monitoringi yo‘lga qo‘yiladi
Qonunchilikka ko‘ra, quyidagi 7 ta ijtimoiy-iqtisodiy sohada bosqichma-bosqich majburiy tartibda sun’iy yo‘ldosh apparatlari orqali davlat kosmik monitoringini amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi:
O‘rmon xo‘jaligi;
Qishloq xo‘jaligi;
Geologiya va kon-metallurgiya;
Suv xo‘jaligi;
Transport va yo‘l xo‘jaligi;
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish;
Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish.
Qoraqalpog‘istondagi yosh tadbirkorlarga 7-yilga qarz beriladi.
2028 yil 1-yanvargacha Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi yosh tadbirkorlarga ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish uchun zarur asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali 7-yil muddatga qarz mablag‘lari beriladi.
Ko‘p kvartirali uy-joylarning zilzilabardoshligi tekshiriladi
Respublika hududidagi ko‘p kvartirali uy-joylarni yillar kesimida zilzilabardoshlik bo‘yicha xatlovdan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Xatlov natijasiga ko‘ra ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan seysmik zaif va avariya alomatlari aniqlangan ko‘p kvartirali uy-joylar o‘rnida bosqichma-bosqich yangi uy-joylar qurish bo‘yicha takliflar mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritib boriladi.
Bolalarning qonuniy vakillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Pensiya jamg‘armasiga elektron beriladi
O‘zgalar parvarishiga muhtoj bolalarning qonuniy vakillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga elektron taqdim etib boriladi.
Shuningdek, 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar va odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka chalingan 18 yoshgacha bolalarga to‘lanadigan nafaqalar hamda parvarishlash nafaqasi fuqarolardan qo‘shimcha hujjatlarni talab etmagan holda “proaktiv shakl”da tayinlanadi.
AKT sohasidagi o‘quv kurslari uchun ta’lim krediti ajratiladi
Nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv kurslarida yoshlarning axborot texnologiyalari sohasida o‘qishi uchun ta’lim krediti ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda ta’lim kreditlari:
Markaziy bankning asosiy stavkasida (15%);
BHMning 65 baravarigacha 1-yillik imtiyozli davr bilan 4-yil muddatga ajratiladi;
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalar farzandlari uchun ta’lim krediti olishda garov va kafillik talab etilmaydi.
Mol-mulkka taqiq qo‘yilganligi to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar banki joriy etiladi
“Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimida mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlab (xatlab) qo‘yilganligi, shuningdek taqiqlab (xatlab) qo‘yish bekor qilinganligi to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar banki joriy etiladi.
“Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari tarbiyachilari malaka oshirish kurslarida o‘qitiladi
“Saxovat” va “Muruvvat” internat uylaridagi tarbiyachilar har yili kamida bir marotaba malaka oshirish kurslarida o‘qitiladi.
“Insofsiz ijrochilarning yagona reyestri” yuritiladi.
Davlat xaridlari bo‘yicha o‘tkaziladigan elektron savdo va tenderlarda teng raqobat muhitini yaratish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlarining oldini olish maqsadida:
Davlat soliq qo‘mitasi soliq xavfi yuqori deb baholangan soliq to‘lovchilar ro‘yxatini o‘z rasmiy veb-saytida joylashtiradi;
Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy veb-saytida joylashtirilgan soliq to‘lovchilar davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ tomonidan “Insofsiz ijrochilarning yagona reyestri”ga kiritiladi.
Ko‘zi ojiz bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari tashkil qilinadi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan “Nurli maskan” maktablari negizida ko‘zi ojiz bolalarni maktabga tayyorlovchi bir yillik muddatli tayyorlov guruhlari faoliyati tashkil qilinadi.
Quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda quyosh suv isitish qurilmalarini 3-yil mobaynida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda sotib olish imkoniyati yaratiladi
jismoniy shaxslarga Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan respublikada ishlab chiqarilgan quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda quyosh suv isitish qurilmalarini 3-yil mobaynida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda sotib olish imkoniyati yaratiladi;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining qiymatini to‘liq to‘lagan holda ularni xarid qilgan va o‘rnatgan iste’molchilarga xarid xarajatlarining bir qismi mazkur Farmonning 1- va 2-ilovalariga muvofiq miqdorlarda Jamg‘arma hisobidan kompensatsiya qilinadi;
iste’molchilar tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar, yetkazib berish, o‘rnatish va ishga tushirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar, mahalliy chakana savdo obyektlaridan, shu jumladan elektron tijorat vositalari orqali sotib olinganda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi yoki yakuniy chakana narxdan kompensatsiya miqdori chegirib tashlanadi.