Auditorlarning ishi sifatini tekshirish tartibi belgilandi

Tashqi nazorat oxirgi ikki moliyaviy hisobot davrida majburiy auditorlik tekshiruvini o‘tkazgan auditorlik tashkilotlariga nisbatan o‘tkaziladi.
Sputnik
TOShKENT, 2 okt — Sputnik. 28-sentabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Auditorlik tashkilotining ishi sifatini tashqi nazoratdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Nizomga muvofiq:
tashqi nazorat moliya vazirining buyrug‘i asosida Moliya vazirligi tomonidan 10 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda o‘tkaziladi;
tashqi nazoratni amalga oshirishda auditorlarning respublika jamoat birlashmalari vakillari jalb qilinadi;
tashqi nazorat oxirgi ikki moliyaviy hisobot davrida majburiy auditorlik tekshiruvini o‘tkazgan auditorlik tashkilotlariga nisbatan o‘tkaziladi;
tijorat banklarini majburiy auditorlik tekshiruvdan o‘tkazgan auditorlik tashkilotlari Markaziy bank bilan birgalikda tashqi nazoratdan o‘tkaziladi;
tashqi nazorat obyekti auditorlik tashkilotining auditorlik xizmati ko‘rsatishdagi faoliyati hisoblanadi, shu bilan birga tashkilotning
moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi;
auditorlik tashkiloti tomonidan kerakli ma’lumotlarni taqdim etmaslik uni auditorlik tashkilotlari reyestridan chiqarishga asos bo‘ladi;
Auditorlik tashkiloti Auditorlik tashkilotlarining reyestridan chiqarilgan taqdirda, auditorlik faoliyatini amalga oshirishga va firma nomida "auditorlik tashkiloti" degan so‘z birikmasidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tashqi nazorat o‘tkazilganda tekshiruvchilar “tekshirishlarni ro‘yxatga olish” kitobini to‘ldirishlari lozim. Tekshirish natijasi bo‘yicha auditorlik tashkilotiga 30 kun muddat ichida kamchiliklarni to‘g‘irlash haqida xabarnoma beriladi.
Auditorlik faoliyatidan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanganlik, auditorlik tekshiruvida o‘rnatilgan cheklovlarga rioya etmaganlik va soxta auditorlik
xulosalari taqdim etilganligi aniqlanganda Moliya vazirligi sudga murojaat etishga haqli. Tashqi nazorat natijalari va ko‘rilgan choralar Moliya vazirligi saytida e’lon qilinadi.