Xorazm viloyatida nodir qo‘lozmalar topildi

Qo‘lozmalar orasida Sa’diy Sheroziyning “Guliston” asarining Muhammadrizo Ogahiy tomonidan amalga oshirilgan turkiy tarjimasi ham mavjud.
Sputnik
TOShKENT, 29 sen — Sputnik. Xiva shaharida 9 ta qo‘lozma topilib, Xorazm Ma’mun akademiyasi tasarrufiga topshirildi. Bu haqida Fanlar akademiyasi xabarr berdi.
Qo‘lozmalar orasida Sa’diy Sheroziyning “Guliston” asarining turkiy tarjimasi ham mavjud.
“Ushbu tarjima o‘zbek adabiyoti va tarjimonlik maktabiga ulkan hissa qo‘shgan Muhammadrizo Ogahiy qalamiga mansub va dastxatligi aniqlandi. Shu paytgacha tarjimonning ushbu asar dastxat nusxasi yo‘q edi”, deyiladi xabarda.
Qo‘lozma sharq qog‘oziga ko‘chirilgan, hoshiyalarda tuzatish va qo‘shimchalar bor.
Asar tarjimasi to‘liq, 220 varaqda mavjud. Asosan she’r tarjimalarining qo‘shimchalari hoshiyada berilgan, bu ham o‘z navbatida shoir dastxati ekanligidan dalolatdir.
Nodir qo‘lozmalar
Qo‘lozmada kolofon yo‘q bo‘lib, hijriy 1279/1862-1863 yillar sanasi ko‘rsatilgan. Ogahiy dastxatlarida deyarli har doim kolofon mavjud bo‘lmaydi.
Nodir qo‘lozmalar
Aytilishicha, ayni holatni faqat Ogahiy dastxatiga nisbatan emas, balki Xiva xonligida bitilgan boshqa dastxat nusxalar uchun ham xos.
“Aftidan, mazkur jihat o‘sha davr Xiva xonligi kitobat ishining o‘ziga xos xususiyati bo‘lishi mumkin. Ushbu nusxa asarning boshqa qo‘lozmalari bilan solishtirishi kerak”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Sa’diy Sheroziyning (1210–1292) dunyoga mashhur asarlaridan biri “Guliston” tarjimasi shahzoda Muhammadrahim II buyurtmasi bilan amalga oshirilgan.
Sa’diy Sheroziyning ushbu asar tarjimasi bir necha marta o‘zbek tiliga Sayfi Saroyi, Muhammadrizo Ogahiy, Mulla Murodxo‘ja Solihxo‘ja, G‘afur G‘ulom va Shoislom Shomuhammedov, Rustam Komilovlar tomonidan tarjima qilingan. Yaqinda asarning Aftondil Erkinov tomonidan yana bir turkiy tarjimasi aniqlandi.
Ogahiy tarjimasining 2019-yilga qadar 3 ta qo‘lozmasi ma’lum edi, ushbu yilda asarning yana bir qo‘lozmasi aniqlangangan.