TOShKENT, 29 sen — Sputnik. O‘zbekiston va Qozog‘iston bojxona xizmatlari rahbarlari o‘rtasida hamkorlikning 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan rejasi imzolandi. Bu haqida Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Chimkentda O‘zbekiston davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonovning Qozog‘iston Moliya vazirligi davlat daromadlari qo‘mitasi raisi Daniyar Janalinov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston bojxona xizmatlari
© Davlat bojxona qo‘mitasi
Tomonlar o‘zbek-qozoq davlat chegarasida joylashgan "Navoiy" (O‘zbekiston) – "Qoplonbek" (Qozog‘iston) hamda "Dout ota" (O‘zbekiston) – "Tajen" (Qozog‘iston) chegara-bojxona postlarida qurilish-bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish muddatlarini o‘zaro muvofiqlashtirish va bu jarayonda yuzaga keladigan vazifalarning ijrosini muhokama qilishdi.
Shuningdek, bojxona chegaralari orqali tranzit tarzda harakatlanayotgan tovar va transpor vositalari haqida oldindan axborot almashish tizimini joriy yil 15-dekabridan boshlab ishga tushirishga kelishib olishdi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida tashqi savdo bo‘yicha bojxona statistikasi ma’lumotlarini o‘zaro taqqoslash va muvofiqlashtirib borish, bojxona chegaralari orqali olib o‘tiladigan energiya resurlarini birgalikda bojxona nazoratidan o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston bojxona xizmatlari
© Davlat bojxona qo‘mitasi
Bojxonaga doir masalalarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish va hal etish maqsadida O‘zbekistonning Qozog‘istongi elchixonasi tarkibida doimiy “bojxona xizmati vakili” faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi.
Kelishuvga binoan navbatdagi uchrashuv 2023-yilning ikkinchi choragida bo‘lib o‘tadi.