Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi

Xerson va LXR rahbarlari Putinga iltimos bilan chiqdi

LXR rahbari Leonid Pasechnik va Xerson rahbari Vladimir Saldo Rossiya Federatsiyasiga qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqish iltimosi bilan Putinga murojaat qildi.
Sputnik
TOShKENT, 28 sen - Sputnik. Xerson viloyati harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari Vladimir Saldo bugun Rossiya prezidenti Vladimir Putinga hududni mamlakat tarkibiga qabul qilish taklifi bilan murojaat qilganini aytdi.

“Xerson viloyatida Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shilish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi, unda viloyatimiz aholisining 87 foizdan ortig‘i o‘z tarixiy vatanlari bilan birlashish tarafdori bo‘ldi. Referendum umumiy talablarga, xalqaro huquqning tan olingan tamoyillari va normalariga muvofiq o‘tganini alohida ta’kidlayman. Men Xerson viloyati rahbari sifatida viloyatimiz aholisining xohish-irodasi asosida Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Vladimirovich Putinga Xersonni Rossiya Federatsiyasining bir qismi sifatida qabul qilish taklifi bilan murojaat qildim”, - deb yozdi Saldo o‘zining Telegram-kanalida.

Uning ta’kidlashicha, "rezidentlar o‘zlarining tarixiy tanlovini qilishdi va barcha odamlar bir-biri va qonun oldida teng bo‘lgan Rossiya Federatsiyasining ko‘p millatli xalqining bir qismi bo‘lishga qaror qilishgan".
"Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomida har bir xalqning o‘z davlatining mavjudligi shaklini mustaqil hal etish huquqi prinsipi e’lon qilingan, shuning uchun mintaqamiz hududida referendum o‘tkazish mutlaqo qonuniydir. Dunyoning turli davlatlaridan kelgan kuzatuvchilar ham hammasi qonuniy bo‘lganini ta’kidladi”, -deya qo‘shimcha qildi Saldo.
Shuningdek, bugun Lugansk Xalq Respublikasi rahbari Leonid Pasechnik Rossiya prezidenti Vladimir Putinga respublikani Rossiya Federatsiyasi tarkibiga yangi subyekt sifatida qabul qilish to‘g‘risidagi taklifni imzolaganini ma’lum qildi.
“Men Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin nomiga Lugansk Xalq Respublikasini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga yangi subyekt sifatida qabul qilish to‘g‘risidagi taklifni imzoladim”, - dedi Leonid Pasechnik.
Rossiya tarkibiga qo‘shilish masalasi bo‘yicha referendumlar 23-27 sentabr kunlari Donesk va Lugansk xalq respublikalari, shuningdek, Xerson va Zaporojye viloyatlarida bo‘lib o‘tdi. Saylov bulletenlarini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, DXRda - 99,23%, LXRda - 98,42%, Xerson viloyatida - 87,05%, Zaporojye viloyatida - 93,11% aholi ulushi Rossiya Federatsiyasiga qo‘shilish uchun ovoz bergan