TOShKENT, 28 sen - Sputnik. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 526-son qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi veterinariya fidoyisi” va “O‘zbekiston Respublikasi chorvachilik fidokori” ko‘krak nishonlari to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, ko‘krak nishonlari bilan quyidagilar taqdirlanadi:
“O‘zbekiston Respublikasi veterinariya fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan – veterinariya sohasini rivojlantirish, sohada nazoratni kuchaytirish va xizmatlar sifatini oshirish, epizootik osoyishtalik, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan fuqarolar;
“O‘zbekiston Respublikasi chorvachilik fidokori” ko‘krak nishoni bilan – chorvachilikni rivojlantirish, chorva mollari naslini yaxshilash, ozuqa bazasini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan shaxslar.
Nomzodlar bo‘yicha takliflar har yili 1-iyulgacha Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga beriladi. Qo‘mita raisi tomonidan nomzodlarni ko‘rib chiqish uchun 5 kishilik komissiyalar tuziladi.
Komissiyalar nomzodlar bo‘yicha takliflarni o‘rganib 1-avgustgacha yakuniy xulosalarni qabul qiladi.Xulosalar asosida Qo‘mita raisining ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi buyruqlari qabul qilinadi.
Ko‘krak nishonlari har yili 1-sentabr – Mustaqillik bayrami arafasida tantanali topshiriladi.Ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari (1,2 mln so‘m) miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti va esdalik sovg‘alar beriladi.