Surxondaryo hokimi jarimaga tortildi, "O‘zbekchorvanasl" agentligi direktori ishdan ketdi

To‘ra Bobolov o‘z faoliyatini davlat siyosatiga mos ravshda tashkil etmagani uchun jarimaga tortildi, Baxtiyor Otamurodov mehmonxonada o‘zini tuta olmagani ortidan ishdan ketdi.
Sputnik
TOShKENT, 28 sen - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovga jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Qayd etilishicha, chora "o‘z faoliyatini davlat siyosati va amalga oshirilayotgan islohotlarga mos ravishda tashkil etmagani, hokimlarga qo‘yiladigan talablarga rioya etmasdan majlis qatnashchilarini haqorat qilganligi va bu bilan keng jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgani uchun" qo‘llanilgan.
Shuningdek, prezident qarori bilan "O‘zbekchorvanasl" agentligi direktori Baxtiyor Otamurodov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Otamurodovning ishdan ketishiga Namangan viloyatiga xizmat safari paytida mehmonxonada sodir etgan nomaqbul xatti-harakatlari va faoliyatidagi boshqa kamchiliklari sabab bo‘lgan.