TOShKENT, 28 sen - Sputnik. Donesk xalq respublikasining barcha hududlari hali ozod etilmagan, shuning uchun hech bo‘lmaganda DXRning butun hududi ozod qilinishi kerak, dedi Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov referendumlardan keyin maxsus operatsiyaning maqsadlari haqida gapirar ekan.
“Men sizga mutlaq aniqlik bilan ayta olaman, siz Donesk xalq respublikasining barcha hududlari hali ham ozod qilinmaganini bilasiz. Gap 2014-yil chegaralaridagi hudud haqida ketmoqda. Shuning uchun, hech bo‘lmaganda, Donesk xalq respublikasining butun hududini ozod qilish kerak”, dedi Peskov jurnalistlarning Rossiya yangi hududlarni qo‘shish haqidagi hujjatni imzolaganidan keyin maxsus operatsiya davom ettirilishi yoki ettirilmasligi haqidagi savoliga javoban.
U LXR hududi allaqachon ozod qilinganini eslatgan.
23-27 sentabr kunlari DXR va LXRda, shuningdek, Xerson viloyati va Zaporojye viloyatining ozod qilingan hududlarida ushbu viloyatlarning Rossiya Federatsiyasi subyekti sifatida Rossiya tarkibiga kirishi bo‘yicha referendumlar o‘tkazildi. Yuqorida tilga olingan barcha hududlarda ovoz berganlarning mutlaq ko‘pchiligi Rossiya Federatsiyasiga qo‘shilish tarafdori bo‘lgan.