Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi

NATO uchun AQSh xavfsizligi Ukraina taqdiridan muhimroq – Medvedev

Medvedevning fikricha, “zamonaviy qurollarni Ukrainaga yetkazib berish G‘arb davlatlari uchun shunchaki Rossiyaga nisbatan nafrat bilan aralashib ketgan biznes”.
Sputnik
TOShKENT, 27 sen — Sputnik. AQSh, Buyuk Britaniya, Belgiyaning xavfsizligi NATO uchun Ukraina taqdiridan muhimroq. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ta’kidladi.
“Tasavvur qilaylik, Rossiya bizning davlatimiz mavjudligi uchun xavfli bo‘lgan keng ko‘lamli bosqinchilik harakatini amalga oshirgan Ukraina rejimiga qarshi eng dahshatli qurolni qo‘llashga majbur. Men NATO bu vaziyatda ham mojaroga bevosita aralashmasligiga ishonaman. Negaki, Vashington, London, Brussel xavfsizligi Shimoliy Atlantika alyansi uchun hech kimga kerak bo‘lmagan, halok bo‘layotgan Ukraina taqdiridan ko‘ra muhimroq, hatto u turli qurollar bilan ta’minlangan bo‘lsa ham”, deb yozdi Medvedev o‘zining Telegram kanalida.
Medvedevning fikricha, “zamonaviy qurollarni yetkazib berish G‘arb davlatlari uchun shunchaki Rossiyaga nisbatan nafrat bilan aralashib ketgan biznes”.
Shuningdek, Medvedev Rossiya hozirda bevosita NATO davlatlari nazoratida bo‘lgan Ukraina yadro quroliga ega bo‘lmasligi uchun hamma narsani qilishini yozgan.
“Kiyev rejimining ongi va siyosiy irodasiga tayanish befoyda. Ammo dushman davlatlarning ularni qo‘llab-quvvatlayotgan sog‘lom aqli va o‘z-o‘zini himoya qilish tuyg‘usiga hali ham zaif umid bor”, dedi Medvedev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arbda “so‘nggi kunlar mavzusi Rossiyaning yadroviy tahdidi”. Misol uchun, siyosatchilar, agar Moskva yadro qurolidan foydalansa, dahshatli oqibatlarga olib kelishi bilan tahdid qilishmoqda.
“Rossiya zarur holatda yadro qurolidan foydalanish huquqiga ega. Oldindan belgilangan hollarda”, deydi bularga javoban Medvedev.
24 fevraldan beri Rossiya Ukrainani denatsifikatsiya va demilitarizatsiya qilish bo‘yicha harbiy maxsus operatsiya o‘tkazmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin uning vazifasi “sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan tahqirlangan va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilish” deb atagan.
Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, yakuniy maqsad Donbassni ozod qilish va Rossiyaning o‘zi xavfsizligini kafolatlaydigan shart-sharoitlarni yaratishdir.