“Katta sport bayrami bo‘ladi”: Toshkentda o‘tkaziladigan dzudo bo‘yicha JChga tayyorgarlik avjida

O‘zbekistonda ilk bor 6-13 oktabr kuni dzudo bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 27 sen — Sputnik. 6 oktabrda Toshkentda boshlanadigan kattalar o‘rtasidagi dzudo bo‘yicha 35-jahon chempionatiga qizg‘in tayyorgarlik ishlari ketmoqda.
Chempionat poytaxtdagi “Humo arena” majmuasida o‘tkaziladi. 6-12 oktabr kunlari individual musobaqalar, 13-oktabrda esa jamoaviy bahslar bo‘lib o‘tadi.
Jahon chempionatida yer yuzining eng kuchli sportchilari yig‘iladi. 2024-yilgi xalqaro Yozgi Olimpiya o‘yinlariga sportchilar reyting ballar yig‘ishni boshlashgan. Toshkentda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida olingan ballar ham ushbu reytingga qo‘shiladi.
Chempionatda ishtirok etish uchun hozirgi kunga qadar 85 ta davlat ariza topshirgan, 600 ga yaqin dzudochilar ishtirok etadi. Shundan 320 nafar erkaklar, 270 nafar ayollarni tashkil etadi. Ariza topshirgan mamlakatlar orasida Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Mo‘g‘iliston, Janubiy Koreya, Yevropa davlatlari bor.

“Bu katta sport bayrami bo‘ladi, musobaqalarga respublikaning turli hududlaridagi havaskor yoshlarni, shogirdlar va qiziquvchilarni ham jalb qilamiz. Jahon chempionati bu mamlakatning sportdagi salohiyatini ko‘taradi, turizm, transport-logistikasi va boshqa sohalarga ham foyda keltiradi. Chunki jahon chempionatini tomosha qilishga ham xorijdan ko‘plab sayyohlar kelishi kutilmoqda”, - dedi O‘zbekiston dzudo federatsiyasi bosh kotibi Ulug‘bek Kabulov Sputnik bilan suhbatda.

O‘zbekistondan musobaqalarda kimlar ishtirok etishi bo‘yicha hozircha maxsus tarkib shakllantirilmoqda. Tez orada (30 sentabrga qadar) milliy dzudochilarning ro‘yxati e’lon qilinadi.
Hozir mamlakat dzudo federatsiyasi chempionat uchun rasmiy emblemalar, turnir ramzi uchun logotiplar, ishtirokchilar uchun maxsus mukofotlar, medal va suvenirlarni tayyorlamoqda.
O‘zbekiston dzudo bo‘yicha kadetlar o‘rtasidagi JChda umumjamoa hisobida 4-o‘rinni egalladi
Ma’lumot uchun, dzudo bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi Turkiyaning Konya shahrida o‘tkazilgan V Islom birdamlik o‘yinlarida 13 ta medal (shulardan 6 tasi oltin) qo‘lga kiritib, 50 mamlakat orasida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagandi.