DTM chet tilini bilish darajasini aniqlash imtihoni sentabrda ham o‘tkaziladi

Test sinovlari barcha hududlarda, jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 27 sen — Sputnik. Davlat test markazi chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha sentabr oyida o‘tkaziladigan test sinovi sanalarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra test sinovining yozma qismi 29-sentabr kuni, gapirish ko‘nikmasini baholash imtihonlari esa 30-sentabr kuni o‘tkaziladi.
Test sinovlari barcha hududlarda, jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etiladi.
Talabgorlar imtihon joyi, kuni va aniq vaqtini my.gov.uz sayti orqali “Mening arizalarim” bo‘limidan bilishlari va ruxsatnomani yuklab olishlari mumkin.
Talabgorlardan test sinovi o‘tkaziladigan hududga belgilangan vaqtdan kamida yarim soat oldin shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan kelishlari so‘raladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur test sinovlari oktabr, noyabr va dekabr oylarida ham tashkil etilib, har oyda 2 marotaba o‘tkaziladi. Ko‘plab talabgorlarning murojaatlaridan kelib chiqqan holda chet tilini bilish darajasini aniqlash test sinovlari sentabr oyida ham o‘tkazilishi belgilandi.