Vaqtida Belarusni tashlab ketganlar endi qaytishni so‘ramoqda – Lukashenko

Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, safarbarlik vaqtida qochgan ruslar 2020-yilda o‘z respublikasini tark etgan belaruslar kabi qaytib kelishni so‘raydi.
Sputnik
TOShKENT, 26 sen — Sputnik. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan bo‘lgan muzokaralar chog‘ida 2020-yildagi prezidentlik saylovlaridan keyin respublikani tark etgan Belarus muxolifati vakillarining aksariyati mamlakatga qaytishni so‘raganini aytdi.
“2020 yilda bir necha ming (belaruslar – tahr.) ketganida, men tashvishlanmadim. Ular (hozir – tahr.) qaytib kelishni so‘rashadi”, - deydi u. Belarus prezidentining so‘zlaridan RIA Novosti iqtibos keltirdi.
Lukashenko Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilinganidan keyin “migratsiya bilan bog‘liq vaziyat xuddi shunday rivojlanadi”, degan fikrni bildirdi.
"Kuzatib turibman: bizni safarbarlik bilan qo‘rqitishapti, yana qayerdadir kimdir mamlakatdan qochib ketgan. Rossiyaning 25 millionlik safarbarlik zaxirasi bor. Mayli, shundan 30, 50 ming nafari qochib ketdi deylik. Agar ular shu yerda qolishganida o‘z odamimiz bo‘lib qolisharmidi? Mayli qochishsin. Va ular qaytib kelishadi ham. Faqat ularga qanday chora ko‘rish masalasida qaror qabul qilish kerak: mayli yoki shu yerga kelishsin, yoki o‘sha yerlarda bepul non yeb yurishsin. Bunday yo‘l tutmaslik kerak. Yevropa va Amerikaga qochmasdan shu yerda kelishib olish mumkin: vaziyat oldingidek emas", - deydi Lukashenko.
Ma’lumot uchun, 22-sentabr kuni Vladimir Putin Mudofaa vazirligining taklifiga asosan qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmon imzoladi. Unda asosiy maqsad - ozod qilingan hududlarda odamlar xavfsizligini ta’minlash deyilgan.
Rossiya yetakchisining ta’kidlashicha, safarbarlikka faqat zaxiradagi harbiylar — harbiy xizmatni o‘tagan, harbiy mutaxassislikka va tajribaga ega bo‘lganlar chaqiriladi. Harbiy harakatlar hududiga yuborishdan oldin har bir kishi qo‘shimcha tayyorgarlikdan o‘tadi.